Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2022 йил 21 декабрдаги ПФ-269-сон Фармонига мувофиқ веб-сайт маълумотлари янгиланмоқда!

Sug‘urta bozorini raqamlashtirish va hayot sug‘urtasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

2021-yil 23-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sug‘urta bozorini raqamlashtirish va hayot sug‘urtasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-5265-qarori qabul qilindi.

Qarorga asosan, milliy sug‘urta bozorining jadal rivojlanishini ta’minlash, iste’molchilarning sug‘urta bozoriga bo‘lgan ishonchini oshirish, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida:

  • 2022-yil 1-iyuldan boshlab sug‘urtaning barcha turlarini (klasslarini) elektron shaklda amalga oshirishga ruxsat beriladi. Barcha sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta polislari Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasi bilan birgalikda yuritadigan yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yhatga olinadi;
  • 2023-yil 1-yanvardan boshlab majburiy sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha sug‘urta polislarini qog‘oz blankalarda rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi.

2022-yil 1-yanvardan 2025-yil 1-yanvarga qadar hayot sug‘urtasi sohasida faoliyat yuritayotgan sug‘urta tashkilotlarining mazkur faoliyati qismi uchun hisoblanadigan foyda solig‘i bo‘yicha belgilangan soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

2022-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-yanvarga qadar ish beruvchi tomonidan o‘z xodimlari uchun baxtsiz hodisalardan ehtiyot shart sug‘urta qilish va tibbiy sug‘urta turlari bo‘yicha tuzilgan sug‘urta shartnomalari asosida O‘zbekiston Respublikasida sug‘urta faoliyatini amalga oshirishga litsenziyasi bo‘lgan yuridik shaxslarga yo‘naltiriladigan mablag‘lar jismoniy shaxslarning jami daromadi sifatida qaralmaydi.

Jismoniy shaxslarning uzoq muddatli hayot sug‘urtasi shartnomasi bo‘yicha yo‘naltirilgan mablag‘lari hamda ularga to‘langan sug‘urta to‘lovi (sug‘urta tovoni) O‘zbekiston Republikasi Soliq kodeksiga asosan soliqqa tortilmasligi belgilandi.

Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyunga qadar transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha yagona axborot tizimi negizida barcha sug‘urta polislarini ro‘yhatga oluvchi va ularning aylanmasini nazorat qiluvchi yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda – Yagona axborot tizimi) joriy etilishini ta’minlaydilar.

Sug‘urta shartnomalarini Yagona axborot tizimi orqali rasmiylashtirish sug‘urta tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.

Moliya vazirligi sug‘urta tashkilotlari tomonidan ixtiyoriy pensiya sug‘urtasi hamda uzoq muddatli (besh yil va undan ortiq) hayot sug‘urtasi turlari bo‘yicha sug‘urta mukofotlari hisobidan shakllangan mablag‘larni investitsiya qilish maqsadida inflyatsiyaga bog‘langan davlat qimmatli qog‘ozlarga yo‘naltirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi.

Hayot sug‘urtasi sohasidagi milliy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash hamda xalqaro tajribani Respublikada joriy qilish yuzasidan Yaponiyaning The Foundation for The Advancement Of Life & Insurance Around The World (FALIA), Oriental Life Insurance Cultural Development Center (OLICD) va boshqalar rivojlangan mamlakatlarning xalqaro hayot sug‘urtasi jamg‘armalari (uyushmalari) bilan tajriba almashinuvi amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Hujjatning to‘liq matnini ushbu havola orqali yuklab olishingiz mumkin!